Toshkentda sinxron suzish boʻyicha “Suv parisi” xalqaro turniri boshlandi
Poytaxtimizda sinxron suzish boʻyicha anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Suv parisi” xalqaro musobaqasi start oldi. “Olimpiya shaharchasi”da tashkil etilayotgan turnirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, World aquatics byurosi aʼzosi Shahnoza Mirziyoyeva, Kasaba uyushmalari hamda Uzbekistan aquatics federatsiyalari raisi Qudratilla Rafikov, Sport vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov ishtirok etdi.
Bu yilgi bellashuvlarda Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston va Belarusdan 180 nafar sportchi turli yosh toifalarida gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Bugun musobaqada dastlabki gʻolib va sovrindorlar aniqlanmoqda. Bellashuvlar ertaga oʻz yakuniga yetadi.