Qashqadaryo viloyatida 2026-yil sportni yangi bosqichga olib chiqish choralari belgilandi
Suv sporti saroyi foydalanishga topshirilganidan soʻng Qashqadaryo viloyatida 2026-yilda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimligi, xalq deputatlari, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari rahbariyati ishtirok etdi.
Yigʻilish davomida hududda soʻnggi kunlarda olib borilgan oʻrganish ishlari natijalari atroflicha tahlil qilinib, mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish, sport muassasalari faoliyatini takomillashtirish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, 2026-yilda oʻtkaziladigan nufuzli kompleks musobaqalarda ishtirok etishi kutilayotgangan qashqadaryolik sportchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning tayyorgarlik jarayonlarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, hududda ommaviy sport musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.