28 Aprel 2026 282

Qarshida yangi suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi

Bugun Qarshi shahrida zamonaviy suv sporti saroyini foydalanishga topshirish tadbiri va sinxron suzish boʻyicha “Suv parisi” xalqaro musobaqasining gʻolib hamda sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Sport vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari, Kasaba uyushmalari hamda “Uzbekistan Aquatics” federatsiyalari rahbariyati, shuningdek, mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Markaziy Osiyo davlatlari Kasaba uyushmalari kengashi mutasaddilari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Marosimda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, “World Aquatics” byurosi aʼzosi Shahnoza Mirziyoyeva mazkur majmuaning ochilishi yurtimiz sporti rivojida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Shuningdek, u davlatimiz va Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan suv sporti turlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi.

Shuningdek, yurtimizda sinxron suzish boʻyicha oʻtkazilgan “Suv parisi” xalqaro musobaqasida shohsupaga koʻtarilgan bir guruh sportchilarni taqdirlash marosimi ham tashkil etildi.

Mazkur majmua barcha zamonaviy qulayliklarni oʻzida mujassam etgan boʻlib, turli yoʻnalishlarga moʻljallangan jami 4 ta havza hamda 2 ta mashgʻulotlar zalini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, 700 nafar tomoshabinga moʻljallangan oʻrindiqlar mavjud.

Tabiiyki, bunday sharoitda suv sportining barcha yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro musobaqalar va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish uchun imkoniyatlar yaratilgan. Rasmiylar Kasaba uyushmalari homiyligida barpo etilgan ushbu inshoot kelgusida xalqaro arenalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilarni tarbiyalashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Text to speech