5 Fevral 2026 99

Yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi

Senat yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. Ushbu Qonun bilan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aniq belgilab berilmoqda.

Qonunga muvofiq, jismoniy tarbiya va sport subyektlari qatoriga Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari kiritilmoqda. Ularning qo‘shimcha vakolatlari belgilanmoqda.

Qonunda paralimpiya, surdlimpiya, maxsus olimpiya va ko‘zi ojizlar sporti harakatlariga doir normalar, sport federatsiyalari, klublari va ligalarining huquqiy maqomi hamda faoliyat yuritish tartibi, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari mustahkamlanmoqda. Shuningdek, Qonunda murabbiy, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari ham belgilanmoqda.

Bundan tashqari, sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir ko‘rsatishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi yangi normalar kiritilmoqda.

Qonunda aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli o‘tkazib borishga eʼtibor qaratilgan. Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun sohani yana-da rivojlantirishga, jismoniy tarbiya va sportga oid munosabatlarni tizimli tashkil etishga xizmat qiladi.

Senatorlar mazkur Qonunni maʼqulladi.

Text to speech