OʻFAning hisobot-saylov kongressi boʻlib oʻtdi
Bugun Milliy futbol markazida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov kongressi va 2025-yilning futbol laureatlarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Unda tashkilotning ortda qolgan yildagi faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va rejalari koʻrib chiqilib, 2025-yilning eng yaxshilari aniqlandi.
Tadbirda Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, OʻFA rahbariyati, soha mutaxassislari va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Kongressda Assotsiatsiya saylov qoʻmitasining qaroriga muvofiq, Davlat xavfsizlik xizmati raisi Qurbonov Bahodir Nizomovich OʻFA prezidenti; Irmatov Ravshan Sayfiddinovich OʻFA birinchi vitse-prezidenti; Ahmedov Odil Olimjonovich OʻFA vitse-prezidenti lavozimiga qayta saylangani maʼlum qilindi.
Shuningdek, MOQ Bosh kotibi Kasimov Oybek Omilovich OʻFA Ijroiya qoʻmitasi aʼzoligiga saylandi. Qolaversa, 2025-yilgi hisobot tinglanib, turli boʻlimlarning tarkibi shakllantirildi.
Kongressda soʻz olgan OʻFA prezidenti B.Qurbonov sohani raqamlashtirish, korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida gapirib oʻtdi.
Tadbir yakunida oʻzbek futbolining 2025-yil laureatlari taqdirlandi.
Yilning eng yaxshi futbolchisi: Eldor Shomurodov;
Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi: Diyora Habibullayeva;
Yilning eng yaxshi hakami: Ilgiz Tantashev;
Yilning eng yaxshi ayol hakami: Nasibabonu Toshmuhamedova;
Bolalar futboli boʻyicha yilning eng yaxshi murabbiyi: Yusuf Ergashev;
Yilning eng yaxshi murabbiyi: Timur Kapadze;
Ayollar oliy ligasining eng yaxshi futbolchisi: Nilufar Qudratova;
Ayollar futboli boʻyicha yilning eng yaxshi murabbiyi: Vladislav Xan;
Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi: Sadriddin Hasanov;
Ayollar oliy ligasi toʻpurari: Diyora Habibullayeva;
Yilning eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiyasi: Qoraqalpogʻiston Respublikasi.