Otabek Umarov: “VIII Toshkent xalqaro marafonida ishtirok etgan va uni yuqori saviyada tashkil etishda xizmat qilganlarga minnatdorchilik bildiramiz”
Bugun poytaxtimizda o‘tkazilgan VIII Toshkent xalqaro marafoni yuksak saviyada tashkil etildi. An’anaga aylanib borayotgan ushbu nufuzli sport bayramining muvaffaqiyatli o‘tishida ko‘plab tashkilot va mutasaddilarning hissasi munosib bo‘ldi.
Xususan, MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov ushbu tadbir yuqori saviyada oʻtkazilgani borasida fikrlarini bildirib oʻtdi:
“Bu yilgi musobaqa har yilgidan ham yuqori saviyada oʻtkazildi. Bunda faol ishtirok etgan Sport vazirligi, mamlakat yengil atletika federatsiyasi va homiylarga, yuqori darajadagi tashkiliy ishlarda yordam bergan mamlakat triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashiga, bahslarning xavfsiz oʻtishini ta’minlashdagi yordami uchun Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqa davlat va hukumat idoralariga, shuningdek, musobaqa davomida fidokorona xizmat qilgan hakamlar va volontyorlar jamoasiga, uni keng yoritishda xizmat qilgan ommaviy axborot vositalari xodimlariga samimiy minnatdorchilik izhor etaman.
Ushbu hamjihatlik va yuksak mas’uliyat sabab marafon chinakam sport bayramiga aylandi va ishtirokchilar hamda mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi”.