Aralash jang sanʼati boʻyicha Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
Toshkent shahrida aralash jang sanʼati (MMA) boʻyicha Osiyo chempionati hamda Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlariga saralash musobaqalarining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. “Olimpiya shaharchasi” mezbonlik qilayotgan ushbu tadbirda Osiyo aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi, Ichki ishlar hamda Sport vazirliklari, shuningdek, Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati ishtirok etdi.
Joriy yilning 24-mayiga qadar davom etadigan bellashuvlarda qitʼamizning 23 mamlakatidan kelgan 340 nafar sportchi gʻoliblik uchun kurashmoqda. Diqqatga sazovor jihati, 18-20-may kunlari oʻtkazilgan yoshlar oʻrtasidagi bahslarda oʻzbekistonlik sportchilar 6 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli birinchi oʻrinni egallashdi.
Bugun start olgan kattalar oʻrtasidagi bellashuvlarda esa jami 24 nafar hamyurtimiz yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.