Toshkent-2029: OOK vakillari Osiyo yoshlar oʻyinlariga tayyorgarlik jarayonini oʻrganmoqda
Shu kunlarda Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vakillari xizmat safari bilan Toshkent shahrida boʻlib turishibdi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad — poytaxtimizda 2029-yilda oʻtkaziladigan IV Osiyo yoshlar oʻyinlariga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishish.
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida OOK xodimlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov mehmonlarni boʻlajak Oʻyinlarni yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha ishlab chiqilayotgan rejalar loyihasi bilan tanishtirdi.
Uchrashuv davomida musobaqalarni tashkil etish, sport inshootlarini tayyorlash, ishtirokchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda oʻyinlarni zamonaviy talablar asosida oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Mehmonlar tashrif doirasida Olimpiya shaharchasi va unga tutash hududlar, qolaversa, shahar ichidagi qator sport obyektlarini koʻzdan kechirishi koʻzda tutilgan.