4 Oktyabr 2026 829

Oʻzbekiston delegatsiyasi Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlarini kuchli beshlikda yakunladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Aichi-Nagoya-2026 XX yozgi Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini tugatdi. Atletlarimiz bu galgi musobaqada 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza, jami 70 ta medal qo‘lga kiritib, qit’aning eng yirik sport musobaqasida umumjamoa hisobida faxrli 5-o‘rinni egalladi.

Bu Markaziy Osiyo mintaqasi va Islom birdamligi tashkilotiga a’zo mamlakatlar orasida eng yaxshi natija boʻldi.

Shubhasiz, delegatsiyamizning Osiyo oʻyinlarida qatorasiga uchinchi bor 5-natijani qayd etayotgani Prezidentimiz va davlatimiz tomonidan sportni qo‘llab-quvvatlash, sportchilar uchun yaratilayotgan sharoitlarni muntazam yaxshilash borasida olib borilayotgan amaliy ishlarning samarasidir.

Hamyurtlarimiz Osiyo qit’asining 45 mamlakatidan tashrif buyurgan 11 mingga yaqin sportchilari orasida yuksak matonat bilan ishtirok etishdi. Xususan, kurashchilarimiz 4 ta oltin va 2 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, yetakchilik koʻrsatishdi, boks boʻyicha erkaklar terma jamoamiz umumjamoa hisobida birinchi, dzyudo va taekvondo WT jamoalarimiz esa ikkinchi oʻrinni egalladi.

Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlari oldidan jamoalarimizda avlodlar almashinuvi yuz bermoqda. Shiddatli bellashuvlarda Shohsanam Sherzodova, Oʻtkirbek Joʻrayev, Sita Qadamboyeva, Toʻrabek Habibullayev, Barnoxon Sayfullayeva, Sharifa Davronova, Aytjan Xalmaxanov, Jasurbek Jaysunov, Shahzod Nurmatov, Sobir Safaraliyev kabi nomlar kashf etilib, bu jarayon muvaffaqiyatli kechayotganini koʻrsatdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu munosib natija bilan barcha yurtdoshlarimizni, sportchi va murabbiylarimizni, federatsiyalar mutaxassislari hamda O‘zbekiston delegatsiyasining muvaffaqiyati yo‘lida mehnat qilgan barcha insonlarni samimiy muborakbod etadi.

Aichi-Nagoya-2026 davomida jonajon Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, xalqimizga unutilmas quvonch va faxrli lahzalarni ulashgan sportchilarimizga minnatdorchilik bildiramiz.

Biz sizlar bilan faxrlanamiz, Yangi O‘zbekistonning muzaffar sportchilari!

Text to speech