Petra Syorling Oʻzbekiston MOQda mehmon boʻldi
Shu kunlarda yurtimizda mehmon boʻlib turgan Xalqaro stol tennisi federatsiyasi prezidenti Petra Syorling Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi. Xalqaro tashkilot rahbari mamlakatimizda Olimpiya harakati rivoji va atletlarimizning toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqalarida qayd etgan natijalari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Zulayho Mahkamova, shuningdek, MOQ va mamlakat stol tennisi federatsiyasi rahbariyati ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Unda yurtimizda ushbu sport turi rivojini yangi bosqichga olib chiqishga doir ustuvor masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Syorling xonim Toshkentda oʻtayotgan WTT Youth Contender turniri yuqori saviyada tashkil etilayotganini alohida eʼtirof etdi. Qolaversa, oʻzbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish, xalqaro toifadagi hakam va murabbiylar uchun katta tajribaga ega ekspertlar ishtirokida seminarlar tashkil qilish, mamlakatimizda yanada nufuzli turnirlarni oʻtkazish borasida fikr almashildi.