Yaponiyada OOK Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Nagoya shahrida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Ijroiya qo‘mitasining 110-yig‘ilishi tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan OOK vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi.
Yig‘ilishni OOK prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy ochib berdi. Unda Osiyoda sportni yanada rivojlantirish, OCAning yangi tashabbuslari hamda yaqinlashib kelayotgan yirik sport tadbirlariga tayyorgarlik masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni alohida muhokama qilindi. O‘yinlar tashkiliy qo‘mitasi rahbari milliy Olimpiya qo‘mitalari vakillarini qutlab, Yaponiyaning musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazishga tayyorligini ta’kidladi.
Qisqa fursat ichida Nagoya Osiyoning eng kuchli sportchilarini o‘z bag‘riga oladi. Bugungi yig‘ilish esa Aichi-Nagoya-2026 oldidan yakuniy tayyorgarlik jarayonining muhim bosqichlaridan biri bo‘ldi.