29 Avgust 2026 139

MOQda AQSh Prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Sport vazirligi va MOQ rahbariyati AQSh Prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli bilan uchrashdi. Muloqot davomida sport sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, mazkur uchrashuvda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi vitse-prezidenti Ana Delgado hamda AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili Erik Kollins ham qatnashdi. Yigʻilishda sport sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashinuvini kengaytirish, Olimpiya harakatini rivojlantirish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, kelasi yil Toshkentda oʻtadigan qilichbozlik boʻyicha jahon chempionatiga puxta hozirlik koʻrish, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasining munosib ishtirokini taʼminlash hamda mazkur yirik sport tadbirlariga tayyorgarlik jarayonlarida oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻz navbatida, janob Zampolli butun Oʻzbekiston xalqini mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yilligi bilan qutladi.

Text to speech