14 Iyun 2026 102

Donald Tramp O‘zbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan taklif etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampni tavallud kuni munosabati bilan tabriklab, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollariga alohida to‘xtaldi.

Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida AQSH bilan o‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan aloqalar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

“Bugun O‘zbekiston – AQSH aloqalari har qachongidan ham mustahkam va amaliy ruh kasb etayotgani ayni haqiqatdir”, – deyiladi maktubda.

Prezidentimiz O‘zbekiston ochiq va konstruktiv hamkorlikka intilayotgan mamlakat sifatida AQSH bilan ko‘p qirrali va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Donald Trampning tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarini yuksak baholab, xalqaro va mintaqaviy platformalar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik bundan buyon ham yangi amaliy natijalar bilan boyib borishiga ishonch bildirdi.

✅ Strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida Prezidentimiz amerikalik hamkasbini O‘zbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Manba: Rasmiy axborot

Text to speech