3 Iyun 2026 123

Taniqli operator va Olimpiya harakati targʻibotchisi Anvar Avazxoʻjayev 80 yoshda!

Bugun turli sohalar, xususan, sport mavzusidagi filmlari va fotosuratlari bilan boy meros qoldirgan ijodkor, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining uzoq yillik hamkori, Olimpiya harakatining faol targʻibotchilaridan biri Anvar Avazxoʻjayev 80 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan Respublika Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida Anvar Xodjimuratovichni ushbu qutlugʻ sana bilan muborakbod etishga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Unda Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari, Oʻzbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi rahbariyati, shuningdek, “Uzbekistan Airways” kompaniyasi hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi mutasaddilari va koʻp sonli sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan rasmiylar A. Avazxoʻjayevning uzoq yillik faoliyati davomida tarix, madaniyat va sport sohalarida boy meros qoldirganini, xususan, 7 ta yozgi va 1 ta qishki Olimpiya oʻyinlari, koʻplab Osiyo oʻyinlari va jahon chempionatlari kabi nufuzli sport musobaqalarida bevosita ishtirok etib, delegatsiyamiz qoʻlga kiritgan tarixiy gʻalabalarni tasvirlarga muhrlaganini alohida taʼkidlashdi.

Qayd etish joiz, Anvar Xodjimuratovich faoliyati davomida 400 dan ortiq film yaratgan boʻlib, ularning 50 tasi oʻzbek sportiga bagʻishlangan. Uning ijod namunalari Italiya, Rossiya va boshqa qator mamlakatlarda oʻtkazilgan xalqaro tanlovlarda sovrinli oʻrinlarni egallagan. Uzoq yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib eʼtirof etilib, “Doʻstlik” ordeni va “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Text to speech