Ishchi guruh hududlardagi oʻrganish ishlarini olib borish maqsadida Andijon viloyatiga yetib keldi
Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari rahbariyati Respublikamiz boʻylab oʻrganish ishlarini davom ettirmoqda. Bugun rasmiylar Andijon viloyatiga tashrif buyurib, hududdagi sport infratuzilmasining bugungi holatini oʻrganishni boshladi.
Ishchi guruhni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qarshi oldi.
Dastlabki manzil viloyat sportining asosiy boʻgʻini boʻlgan Andijon Olimpiya va Paralimpiya markazi boʻldi. Mutasaddilar ushbu muassasada adaptiv sport turlari boʻyicha “Besh tashabbus Paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarining viloyat sport bosqichi va markaz faoliyati bilan tanishdi.
Shuningdek, ishchi guruh “Bobur Arena”ga ham tashrif buyurdi. Oʻrganish davomida majmuada boʻlayotgan “Yangi Oʻzbekiston talabalari Olimpiadasi”ning viloyat yengil atletika bosqichi va stadionga toʻshalgan zamonaviy yugurish qoplamasini koʻzdan kechirdi.