“Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasi”ga start berildi
Bugun poytaxtimizdagi “Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati” muzeyida “Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasi” sport musobaqalariga tantanali start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yirik sport loyihasi davlatimiz rahbarining 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi. Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamkorligida yo‘lga qo‘yildi.
Musobaqalar uch bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqich (universitet bosqichi): 6–20-aprel kunlari;
2-bosqich (hududiy bosqich): 1–15-may kunlari;
Final bosqichi (Respublika bosqichi): 1–10-iyun kunlari tashkil etiladi.
Yakuniy bosqichga Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi” mezbonlik qiladi.
Olimpiada dasturiga voleybol, gandbol, basketbol 3x3, stol tennisi, futbol, yengil atletika hamda suzish sport turlari kiritilgan.
Tantanali ochilish marosimida Prezident Administratsiyasining mutasaddilari, Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, oliy ta’lim muassasalarining rektorlari, sport federatsiyalarining vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Bugungi kunga qadar musobaqalarda ishtirok etish uchun 168 ta oliy ta’lim muassasalaridan qariyb 160 ming nafar talaba roʻyxatdan oʻtgan.