24 Yanvar 2026 296

World Aquatics Ijroiya qoʻmitasi aʼzolari “Olimpiya shaharchasi”ga tashrif buyurishdi

Joriy yilning oktyabr oyida Toshkent suzish boʻyicha Jahon kubogi bosqichlaridan birini qabul qiladi. Ayni paytda poytaxtimizda boʻlib turgan Butunjahon suzish federatsiyasi (World Aquatics) Ijroiya qoʻmitasi boʻlajak musobaqa oʻtkaziladigan “Olimpiya shaharchasi”dagi suv sporti saroyiga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisining hamda Ijtimoiy himoya Milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, World Aquatics Ijroiya qoʻmitasi Byurosining aʼzosi Shahnoza Mirziyoyeva qarshi oldi.

Shuningdek, delegatsiyaga Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari, Kasaba uyushmalari hamda Uzbekistan Aquatics federatsiyalari rahbariyati hamrohlik qilib, obyekt haqida batafsil maʼlumot berishdi. Barcha zamonaviy talablarga javob beradigan inshoot xorijlik mutaxassislarda iliq taassurot qoldirdi.

Uzbekistan Aquatics federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov yurtimizda suv sporti turlarini rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. World Aquatics rahbari Husayn al-Musallam mazkur tashabbuslar haqida oʻzining iliq fikrlarini bildirdi.

Tadbir davomida World Aquatics federatsiyasining mamlakatimizdagi mintaqaviy markazi faoliyat boshlagani ma’lum qilindi.

Ekspertlar ushbu bunyodkorlik loyihasining imkoniyatini yuqori baholab, arena har qanday nufuzli musobaqalarni qabul qilishga qodir ekanini alohida taʼkidlashdi.

Rasmiylar tashrif davomida mehmonlarga Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berishdi.

Text to speech