MOQ rahbariyati velosport boʻyicha terma jamoa rejalari bilan tanishdi
Bugun Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Kozim Oʻrinboyxoʻjayev hamda shosse dasturida Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiyi Vladimir Starchik (Ukraina) MOQda mehmon boʻlishdi. Ular Qoʻmita rahbariyatiga terma jamoaning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarligi xususida ma’lumot berishdi.
Mas’ullar suhbatda terma jamoa oldiga katta maqsadlar qoʻyilgani, barcha yoʻnalishlarda asosiy kontingent saralab olingani, sportchilarning yil davomida ishtirok etishi koʻzda tutilgan xalqaro musobaqalar haqida batafsil toʻxtalib oʻtishdi.
Qoʻmita rasmiylari federatsiya tomonidan bildirilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlab, uni yanada boyitish, xususan, seleksiya yoʻnalishlariga ham ahamiyat berish lozimligini ta’kidlashdi. Oʻz navbatida, Sport vazirligi va MOQ federatsiyalarga har tomonlama koʻmak berishi qoʻshimcha qilindi.



