Oʻzbek futbolining zabardast oʻgʻloni Toʻlagan Isoqov vafot etdi
Oʻzbek futbolining fidoyi vakili, tajribali mutaxassis, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi faxriylar kengashi raisi, OʻFA Ijroiya qoʻmitasi va Murabbiylar kengashi a’zosi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Toʻlagan Isoqov hayotdan koʻz yumdi. U butun umrini futbolga bagʻishlab, bu yoʻlda oʻzining sadoqati va mehnatsevarligi bilan el hurmatini qozongan edi.
Toʻlagan Isoqov 1949-yil tavallud topgan. “Paxtakor” jamoasi safida uzoq yillar davomida muvaffaqiyatli oʻyin namoyish etgan. Murabbiy sifatida bir necha klublarda ham samarali faoliyat yuritdi. Uning tajribasi va futbolga boʻlgan mehr-muhabbati yosh avlod uchun ibrat boʻlib xizmat qildi.
U soʻnggi yillarda futbol faxriylari kengashiga rahbarlik qilib, yosh futbolchilarning maʼnaviy kamolotiga munosib hissa qoʻshdi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi marhumning oila a’zolari, yaqinlari hamda futbol jamoatchiligiga chuqur ta’ziya bildiradi.
