Kun dayjesti: Qatarda jahon chempionati boshlanmoqda, bugun Bahrayn-2025 qahramonlari taqdirlanishadi, Yannik Sinner – Parij Masters turniri gʻolibi
Qatarda futbol boʻyicha U17 Jahon chempionati boshlanmoqda
Bugun Qatarda futbol boʻyicha U17 yosh toifasidagi jahon chempionatiga start beriladi. 27-noyabrga qadar davom etadigan mazkur musobaqada Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Osiyo chempioni sifatida ishtirok etadi. Maʼlumot uchun, hamyurtlarimiz musobaqada “J” guruhidan oʻrin olgan boʻlib, pley-off bosqichiga chiqish uchun Paragvay (5-noyabr), Irlandiya (8-noyabr) va Panama (11-noyabr) bilan bahs olib borishadi.
Bahrayn-2025 Osiyo yoshlar oʻyinlarining gʻolib va sovrindorlari taqdirlanishadi
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Bahrayn-2025 III Osiyo yoshlar oʻyinlarining gʻolib va sovrindorlari hamda ularning murabbiylarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi. Eslatib oʻtamiz, 22-31-oktyabr kunlari oʻtkazilgan musobaqada Oʻzbekiston delegatsiyasi 37 ta oltin, 16 ta kumush va 28 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida Xitoydan keyin ikkinchi oʻrinni egallagan edi.
Yannik Sinner yilning soʻnggi Masters turnirida gʻalaba qozondi
Parijda tennis boʻyicha joriy yil taqvimidan oʻrin olgan soʻnggi Masters musobaqasi yakuniga yetdi. Erkaklar oʻrtasida oʻtkazilgan mazkur musobaqaning bosh sovrini uchun italiyalik Yannik Sinner hamda kanadalik Feliks Oje-Alyassim bahs olib borishdi. 2 set davom etgan uchrashuvda italiyalik tennischi 6:4, 7:6 hisoblarida gʻalaba qozondi.


