“Sportchi — yurt himoyachisi”: Talabalar sport oyligiga start berildi
Yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida “Sportchi — yurt himoyachisi” shiori ostida ommaviy sport tadbirlari boshlandi. Bugun Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida ushbu sport oyligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbariyati vakillari ishtirok etdi. Rasmiylar o‘z nutqlarida Prezident tashabbusi bilan mamlakatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va ommaviy sportni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi. Ayniqsa, bu mavzu talaba-yoshlar orasida yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Oylik doirasida talabalar badminton, basketbol, dzyudo, gandbol, og‘ir atletika, stol tennisi, stritbol, suzish, taekvondo, voleybol va yengil atletika kabi sport turlarida kuch sinashadi.



















