Sport vazirligi va MOQ rahbariyati maktablarda: Yoshlar sport sinovlarida oʻz salohiyatini namoyon etishmoqda
Poytaxtimizda aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va ularni ommaviy sportga keng jalb etish maqsadida maktab oʻquvchilari uchun maxsus sport sinovlari oʻtkazilmoqda.
Bugun ushbu jarayonda Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi va Milliy olimpiya qoʻmitasi rahbariyati ham ishtirok etdi. Ular Toshkent shahridagi bir qator umumtaʼlim maktablariga tashrif buyurib, sport sinovlari jarayoniga bevosita guvoh boʻlishdi.
Xususan, Sport vaziri Adham Ikramov va MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov Yunusobod tumanidagi 86 va 220-sonli maktablarda boʻlib, yosh sportchilarning mashgʻulotlarini kuzatishdi. Rasmiylar oʻquvchilar bilan yaqindan suhbatlashib, ularning sportga boʻlgan qiziqishlari, kelajakdagi maqsadlari va orzulari haqida maʼlumotlarga ega boʻlishdi.



















