Prezident topshiriqlarining ijrosi muhokama markazida
Milliy Olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, MOQ raisi Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlashga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov raisligida oʻtgan yigʻilishda Adham Ikramov hamda Otabek Umarov boshchiligidagi Sport vazirligi va MOQ mas’ullari ishtirok etdi va unda olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha fikr almashildi.
Rasmiylar davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirishda oʻzaro hamjihatlikda ishlash, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorgarlik koʻrish, kadrlarning malakasini oshirish, seleksiya yoʻnalishiga alohida eʼtibor qaratish lozimligini bildirishdi. Shuningdek, har bir terma jamoaning yangi Olimpiya sikli uchun ishlab chiqqan rejalarini yanada takomillashtirish, hududlardagi sport infratuzilmasini yaxshilash bu boradagi muhim qadamlardan ekani taʼkidlandi.






