21 Yanvar 2025 275

Komiljon Toʻxtayev nomzodi OOK Atletlar komissiyasi aʼzoligiga qoʻyildi

Xarbin-2025 qishki Osiyo oʻyinlari oldidan Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Atletlar komissiyasi tarkibi uchun qishki sport vakillari orasidan nomzodlarni eʼlon qildi. Biz uchun ahamiyatlisi, mazkur komissiya aʼzoligiga togʻ changʻisi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Komiljon Toʻxtayev nomzodi ham qoʻyilgan.

Hamyurtimizga bu borada Narumi Takaxashi (figurali uchish, Yaponiya), Aiza Mambekova (figurali uchish, Qozogʻiston), Xojun Kim (snoubord, Koreya Respublikasi), Zang Yize (short-trek, Xitoy), Ven-Yi Li (togʻ changʻisi, Xitoy Taipeyi) raqiblik qilishadi. Qayd etish joiz, ovoz berish jarayoni Xarbin shahrida Oʻyinlar davomida tashkil etiladi va birgina nomzod komissiya aʼzoligiga tanlab olinadi. Jarayonda faqat sportchilar ishtirok etishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, K.Toʻxtayev Pxyonchxan-2018 va Pekin-2022 qishki Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi, Osiyo chempioni hisoblanadi.

Text to speech