20 Yanvar 2025 637

Boks boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi

Maʼlum qilganimizdek, ertaga poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi (ROPSTTM)da boks boʻyicha kattalar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionati start oladi. Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida “Battles of the champions” nomi ostida oʻtkaziladigan mazkur musobaqa oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda federatsiya bosh kotibi Shohid Tillaboyev, terma jamoa bosh murabbiyi Toʻlqin Qilichev hamda ayollar jamoasi murabbiyi Elshod Rasulov ishtirok etishdi.

Dastavval, Sh.Tillaboyev musobaqa haqida batafsil maʼlumot berib oʻtdi. Unga koʻra, mazkur chempionat 2024-yil hisobidan oʻtkazilmoqda. Mutaxassis buni 2024-yilda koʻproq eʼtibor Olimpiya oʻyinlariga puxta hozirlik koʻrishga qaratilgani, yil yakunida esa kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionati tashkil etilgani bois asosiy va zaxira tarkib bilan mazkur qitʼa birinchiligiga tayyorgarlik koʻrilgani bilan ifodaladi.

Shuningdek, u tarkibning IBA va World Boxing shafeʼligidagi musobaqalarga boʻlinishi haqidagi masalaga ham oydinlik kiritib oʻtdi. Unga koʻra, Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan IBA tasnifidagi turnirlarda qatnashmaslik boʻyicha rasmiy taqiq qoʻyilmagani bois bokschilarimiz hozircha har ikki tashkilot tomonidan oʻtkaziladigan musobaqalarda ishtirok etishlari mumkin.

Terma jamoa bosh murabbiyi bu gal Parij-2024 chempionlari Respublika birinchiligida jang qilmasligi, shunday boʻlsa ham ichki raqobat juda kuchli ekani, har bir bahs shiddatli va murosasiz ruhda oʻtishi haqida toʻxtalib oʻtdi. Oʻz navbatida, Elshod Rasulov musobaqada qatnashuvchi bokschi qizlar soni har yilgidan sezilarli darajada oshganini taʼkidladi.

Anjuman davomida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan boshqa savollariga atroflicha javob olishdi. Shuningdek, kun davomida musobaqa texnik qoʻmitasining yigʻilishi va qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, 21-26-yanvar kuni bahslar ROPSTTMda tashkil etilsa, 27-28-yanvar sanasidagi yakuniy janglar “Zoʻr TV” telekanalining “Renessans xoll” saroyida boʻlib oʻtadi.

Text to speech