Oʻzbek futbolida yil sarhisobi oʻtkazildi
Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot Kongressi boʻlib oʻtdi. 2024-yil yakunlariga bagʻishlangan mazkur tadbirda Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, shuningdek, futbol jamoatchiligi va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Kongressning dastlabki qismi UFA faoliyatining 2024-yilgi sarhisobiga bagʻishlandi. Unda yil davomida erishilgan yutuqlar, xususan, jamoamiz ilk bor Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi qoʻlga kiritilgani, sentyabr-oktyabr oylarida futzal boʻyicha jahon chempionati muvaffaqiyatli tashkil etilgani va boshqa yutuqlar tilga olinib, 2025-yil uchun rejalar belgilab olindi.
Shundan soʻng joriy yil futbol mavsumining eng yaxshilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Jurnalistlar oʻrtasida ovoz berish yoʻli bilan tashkil etilgan soʻrovnomada Timur Kapadze “Yilning eng yaxshi murabbiyi”, Abbosbek Fayzulalev “Yilning eng yaxshi futbolchisi” nominatsiyalarida gʻolib deb topildilar. Shuningdek, yana bir qator yoʻnalishlarda laureatlar aniqlanib, sovrinlar oʻz egalariga topshirildi.









