Los-Anjeles-2028: Oʻzbekiston basketbol federatsiyasining tayyorgarlik rejalari oʻrganildi
Sport federatsiya va assotsiatsiyalarning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarligi bilan tanishish ishlari davom etadi. Otabek Umarov boshchiligidagi MOQ rahbariyati bugun dastlab Oʻzbekiston basketbol federatsiyasining yangi Olimpiya sikli uchun taqdimoti bilan tanishdi.
Toshkent davlat transport universitetida oʻtgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Transport vaziri, mamlakat basketbol federatsiyasi raisi Ilhom Mahkamov ham qatnashdi. Qayd etish joiz, Olimpiya oʻyinlari dasturiga ushbu sport turining klassik va 3x3 yoʻnalishlari kiritilgan.
Suhbat davomida har ikki yoʻnalishdagi terma jamoalarimizning imkoniyatlari va tarkibdagi sportchilar haqida soʻz bordi. Federatsiya mutasaddilari 3x3 jamoalarimiz bugungi kunda qitʼa miqyosida raqobatbardosh ekanini inobatga olgan holda mazkur dasturdagi imkoniyatlarni yaxshiroq baholashdi. Shu bois ushbu jamoaga jalb etilgan belaruslik murabbiy Andrey Navoychik bilan ham suhbatlashildi.
Mutasaddilar uchrashuvda xorijlik murabbiyga terma jamoa uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi, mahalliy va xorijiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari tashkil etilishini maʼlum qilishdi. Yakunda federatsiya vakillari bilan tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflari oʻrganildi.









