7 Dekabr 2024 1099

Navbatdagi manzil Qashqadaryo viloyati bo‘ldi

MOQ rahbariyati hududlardagi sport infratuzilmalarini o‘rganishda davom etadi. Rasmiylar Qashqadaryo viloyatida ham bo‘lib, Qarshi shahri hamda G‘uzor va Dehqonobod tumanlaridagi sport maskanlarini ko‘zdan kechirishdi.

Dastlabki manzil viloyatning chekka hududlaridan biri hisoblangan Dehqonobod tumani bo‘ldi. Unda tuman sport maktabi faoliyati o‘rganildi. Maktab ma’muriyati rasmiylarga mashg‘ulotlar jadvali, ularni olib boradigan murabbiylar malakasi haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, u yerda shug‘ullanayotgan o‘quvchilarning natijalari tahlil qilinib, ish samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Rasmiylar kun davomida G‘uzordagi yana bir sport maktabi hamda Qarshi shahridagi viloyat Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga ham tashrif buyurishdi. Ta’lim muassasasining barcha bo‘limlari ko‘zdan kechirilgach, mutasaddilar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda markazning moddiy-texnik bazasini yanada kuchaytirish, qishki mavsum o‘quvchilarga yanada qulayliklar yaratish borasida takliflar bildirildi. Qolaversa, ushbu ta’lim muassasasi bitiruvchilarining milliy terma jamoalar tarkibidan joy olish ko‘rsatkichini oshirish bo‘yicha ham vazifalar belgilab olindi.

O‘rganish ishlari yakunida federatsiyalarning viloyat bo‘limlari vakillari bilan kerakli xulosalar chiqarilib, kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.

Text to speech