5 Dekabr 2024 1143

Los-Anjeles-2028: Futbolchilarimizdan yana bir yoʻllanma kutamiz

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi Parij-2024 litsenziyalarini qoʻlga kiritib, delegatsiyamiz tarkibida 4-yillikning eng nufuzli musobaqasiga birinchi bor oʻyin sport turlaridan yoʻllanma olgan jamoaga aylandi. Bugun kunning ikkinchi yarmida futbolchilarimizning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga ham yoʻllanma olish imkoniyatlari va buning uchun ishlab chiqilgan reja muhokama markazida boʻldi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hozirda barcha terma jamoalar shakllantirilib, ularga malakali mutaxassislar biriktirilgani, yoshlar terma jamoalari uchun mahalliy va xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari tashkil etilayotgani haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Ravshan Sayfuddinovich assotsiatsiya moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash maqsadida Toshkent viloyatida barcha qulayliklarga ega terma jamoalar markazi barpo etilayotgani, uning toʻliq imkoniyatidan foydalangan holda futbolchilarimiz har qanday musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrishlari mumkinligini qoʻshimcha qildi.

Parij-2024 saralashida qizlarimiz ham Olimpiada yoʻllanmalariga juda yaqin kelishgan edi. Biroq soʻnggi bosqichda dunyoning kuchli jamoalaridan biriga imkoniyat boy berildi. Suhbatda yoʻl qoʻyilgan xatolardan xulosa chiqargan holda yangi siklga tayyorgarlik koʻrish haqida soʻz bordi.

Uchrashuv davomida milliy terma jamoamizning jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlari haqida ham toʻxtalib, bu borada jamoaga barcha zarur sharoitlarni yaratish borasida tavsiyalar berib oʻtildi. Qolaversa, viloyatlardagi infratuzilmalarni yaxshilash, yoshlar oʻrtasidagi turli musobaqalar tashkil etish orqali seleksiya ishlariga ahamiyat qaratish borasida fikr almashildi.

Har bir yigʻilishda boʻlgani kabi bu gal ham Oʻzbekiston delegatsiyasini Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorlash boʻyicha ishlab chiqiladigan Prezident qarori loyihasiga takliflar belgilab olindi.

Text to speech