Los-Anjeles-2028: Veloklublar faoliyatini kuchaytirish boʻyicha tavsiya berildi
MOQ rahbariyati federatsiya hamda assotsiatsiyalarning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik taqdimoti bilan tanishishda davom etadi. Bugun kunning birinchi yarmida Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasining rejalari muhokama qilindi.
Taʼkidlash joiz, ushbu sport Olimpiya oʻyinlarida eng koʻp litsenziya va medallar jamlanmasi oʻynaladigan yoʻnalishlardan hisoblanadi. Biroq soʻnggi Olimpiadalarda velosportchilarimiz kam sonli yoʻllanmalar bilan cheklanib qolishmoqda. Suhbat davomida ushbu jihat tanqid ostiga olinib, kelgusida terma jamoamiz yoʻllanmalar bilan cheklanib qolmay, sovrinli oʻrinlar uchun kurashishi lozimligi bildirildi.
Federatsiya masʼullari ayni shu maqsadda terma jamoalarga uch nafar xorijiy murabbiy jalb etilgani, ular reja asosida nafaqat kattalar, balki yoshlar jamoasi bilan ham ishlab borishi koʻzda tutilganini taʼkidlashdi. Mutasaddilar tashrif davomida federatsiyaning moddiy texnik bazasini ham koʻzdan kechirishdi. Oʻrganish ishlari davomida klublar faoliyatini yanada kuchaytirish, ularning nufuzli xalqaro musobaqalardagi ishtirokini taʼminlash kabi mavzularga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Rejaga koʻra, kun davomida Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining rejalari ham koʻrib chiqiladi.