29 Iyun 2021 1420

Tokio-2020 litsenziati “Tahsin-2021” tanlovi g‘olibi bo‘ldi

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ilm-fan, sport, xalqaro aloqalar, madaniyat, innovatsiya, tibbiyot va boshqa sohalarda mamlakat rivojiga katta hissa qo‘shgan isteʼdodli yoshlarni taqdirlash uchun “Tahsin” mukofoti taʼsis etilgan bo‘lib, mazkur tanlovning bu yilgi taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri maydonida bo‘lib o‘tdi.

Marosim g‘oliblarini aniqlash uchun vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan 28 ta nominatsiya bo‘yicha 500 nafardan ortiq nomzodlar tavsiya etilgan. Ular ichidan mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida ko‘rsatgan xizmatlari, faolligi va munosib mehnatlari bilan namuna bo‘lgan g‘oliblar saralab olindi va ularga “Tahsin-2021” milliy mukofoti topshirildi. Ular orasida bir qator yosh va isteʼdodli sportchilarimiz: badiiy gimnastikachi, Tokio-2020 litsenziati Sabina Tashkenbayeva, shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov laureatlar qatoridan joy olishdi.

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov ham ishtirok etib, tanlovning bir qator yo‘nalishdagi g‘oliblariga mukofotlarni topshirishdi.

Text to speech