11 Avgust 2024 2226

Oʻzbekiston delegatsiyasi Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarini oʻz tarixidagi eng zoʻr natija bilan tugatdi!

Bir necha kun butun dunyo eʼtibor markazida boʻlgan Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlari oʻz yakuniga yetdi. Dunyoning 206 mamlakatidan tashrif buyurgan eng kuchli atletlar ishtirokidagi Oʻyinlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishga muvaffaq boʻldi. Muzaffar atletlarimiz murosasiz bellashuvlar davomida 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 13 ta medal qoʻlga kiritib, Yangi Oʻzbekiston qahramonlariga aylanishdi.

Oltin medal:
Diyora Keldiyorova (dzyudo, -52 kg)
Ulugʻbek Rashitov (taekvondo WT, -68 kg)
Razambek Jamalov (erkin kurash, -74 kg)
Hasanboy Doʻsmatov (boks, -51 kg)
Abdumalik Xalokov (boks, -57 kg)
Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev (boks, -71 kg)
Lazizbek Mullojonov (boks, -92 kg)
Bahodir Jalolov (boks, +92 kg)

Kumush medal:
Akbar Joʻrayev (ogʻir atletika, -102 kg)
Svetlana Osipova (taekvondo WT, +67 kg)

Bronza medal:
Muzaffarbek Toʻraboyev (dzyudo, -100 kg)
Alisher Yusupov (dzyudo, +100 kg)
Gʻulomjon Abdullayev (erkin kurash, -57 kg)

Bu natija bilan delegatsiyamiz umumjamoa hisobida 206 mamlakat orasida 13-oʻrinni egalladi. Osiyoda toʻrtinchi, shuningdek, MDH, Markaziy Osiyo mintaqasi, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar orasida eng yaxshi koʻrsatkichga ega boʻldi.

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida koʻplab jihatlar bilan sportimiz tarixiga muhrlanmoqda. Jumladan, birinchi bor ayol atletimiz yozgi Olimpiya oʻyinlarida oltin medalga sazovor boʻldi, bokschilarimiz 5 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallashdi, Olimpiadalarda ilk bor dzyudochilarimiz 3 ta, taekvondochilarimiz esa 2 ta medalga sazovor boʻlishdi. Garchi sovrinli oʻrinlarga koʻtarila olmagan boʻlsalar ham qolgan ishtirokchilarimiz shiddatli bahslarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi. Atletlarimiz Olimpiya oʻyinlarida futbol, suvga sakrash, kamondan otish va ayollar kurashi dasturlarida debyut qildi.

Shubhasiz, bunday natijalar ortida Muhtaram Prezidentimizning sportga boʻlgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklari turibdi. Olimpiadaga tayyorgarlik jarayonida har bir terma jamoalarimizga kerakli sharoitlar yaratib berildi, xorijlik mutaxassislar jalb etildi, zarur tibbiy-farmakologik vositalar bilan oʻz vaqtida taʼminlandi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi fursatdan foydalanib Oʻyinlar davomida delegatsiyamizga barcha sharoitlarni yaratib bergan Davlatimiz rahbari va hukumatimizga, atletlarimizni murosasiz bellashuvlar davomida qoʻllab-quvvatlab turgan barcha yurtdoshlarimiz hamda muxlislar jamoasiga minnatdorchilik bildirib, hammani olamshumul natijalar bilan samimiy qutlaydi.

Unutilmas xotiralar uchun rahmat, Parij!

Text to speech