2 May 2024 225

Parij-2024 litsenziatlari: Oʻzbek taekvondosi tarixiga oʻz nomini yozib qoʻygan Svetlana Osipova

4 yillikning eng nufuzli musobaqasida yurtimiz sharafini himoya qiladigan atletlarimizni tanishtirishda davom etamiz. Bugun taekvondochi qizlarimiz orasida birinchi boʻlib jahon chempioni unvonini qoʻlga kiritgan Svetlana Osipova haqida hikoya qilamiz.

Osipova Svetlana Valeryevna 2000-yil 3-may kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tavallud topgan. 2016-yildan taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Dastlab Pahlavon Sobirov qoʻl ostida shugʻullangan qahramonimizga hozirda Pavel Xan murabbiylik qilmoqda. Osipova ayollar oʻrtasida eng yuqori vazn toifasida qator gʻalabalarga erishib kelmoqda. Jumladan, 2017-yil Ashxoboddagi Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida kumush, Jakarta-Palembang-2018 Osiyo oʻyinlarida yakkalik, Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarining yakkalik va aralash jamoaviy dasturlarida bronza medallari bilan taqdirlangan. Boku-2017 Islom birdamligi oʻyinlaridagi bronza medalini Konya-2021 oʻyinlarida oltinga aylantirdi. 2022-yil Gvadalaxara mezbonlik qilgan jahon chempionatida oltin, kelasi yil Bokuda oʻtgan dunyo birinchiligida esa bronza medaliga ega chiqqan. Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi. 2019-yil “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

2023-yil dekabr oyida Butunjahon taekvondo federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan reyting yakuniga koʻra, +67 kg vazn toifasida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.

Text to speech