10 Iyun 2021 2203

Davlat Bobonov faoliyatida ilk bor jahon chempionati medaliga sazovor bo‘ldi

Vengriyaning Budapesht shahrida davom etayotgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatining beshinchi kuni o‘z yakuniga yetdi. Biroz avval hamyurtimiz Davlat Bobonov -90 kg vazn toifasida final bahsini o‘tkazdi.

Maʼlum qilganimizdek, hal qiluvchi bellashuv ispaniyalik Nikoloz Sherazadishviliga qarshi kechdi. Murosasiz kurash sal kam 6 daqiqa davom etdi va unda raqib g‘alabani ilib ketdi.

Davlat Bobonov faoliyatida ilk bor jahon chempionatining finalida kurashdi va bu bilan ulkan tajriba orttirdi, deyish mumkin. Asosiysi, hamyurtimizdan Tokio-2020 Olimpiadasida oltin medal kutib qolamiz. Bu natija bilan polvonimiz Olimpiada reytingi uchun 1400 ochkoni o‘z hisobiga qo‘shib qo‘ymoqda.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasini, Davlat Bobonov va uning yaqinlarini bugungi natija bilan samimiy qutlab qoladi. Musobaqaning qolgan kunida kurashadigan vakillarimizga ham omad tilab qolamiz.

Text to speech