5 Aprel 2024 418

Oybek Kasimov Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi bilan yangi loyihalar boʻyicha fikr almashdi

Bugun Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Leonid Marinich Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi. Uni Bosh kotib Oybek Kasimov kutib oldi. Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda mamlakatlar oʻrtasidagi ikki tomonlamana aloqalarni sport sohasi orqali yanada mustahkamlash mavzusi muhokama qilindi.

O.Kasimov Oʻzbekiston MOQ Belarus Olimpiya qoʻmitasi bilan doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻygani, xususan, har ikki tashkilot oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangani haqida maʼlum qildi. Oʻz navbatida, Oybek Omilovich Minsk shahridagi sport tibbiyotiga ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi haqida iliq fikrlarini bildirdi. Shuningdek, u Toshkentda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasi ichida qurilishi koʻzda tutilgan yangi tibbiyot markazining faoliyatini yoʻlga qoʻyishda Belarus tajribasidan ham foydalanish rejasi borligini maʼlum qildi.

Oʻz oʻrnida, elchi janoblari oʻzbek sportining soʻnggi yillarda erishayotgan yutuqlari haqida gapirib oʻtdi. Xususan, 2023-yil Belarusda oʻtgan II MDH oʻyinlarida delegatsiyamizning Rossiya va mezbonlardan keyin uchinchi oʻrinni egallaganini alohida eʼtirof etdi. Leonid Marinich oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish yoʻlida Oʻzbekiston delegatsiyasini joriy yil Belarusda oʻtadigan xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga taklif qildi.

MOQ Bosh kotibi L.Marinichning taklifini qoʻllab-quvvatlab, oʻsib kelayotgan yosh sportchilarning mahoratlarini oshirish yoʻlida xalqaro turnirlar muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi. Uchrashuv davomida shu va boshqa yoʻnalishlardagi hamkorlik masalalari boʻyicha fikr almashildi.

Text to speech