15 Mart 2024 445

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi qoshidagi yangi jamoa “Olimpik Mobiuz” Proligadagi ishtirokini boshlamoqda

Ayni kunlarda futbol boʻyicha Oʻzbekiston Proligasida birinchi tur uchrashuvlari oʻtkazilmoqda. Biz uchun ahamiyatlisi, bugun MOQ qoshida tashkil etilgan yana bir jamoa “Olimpik Mobiuz” ishtirokini boshlaydi.

2021-yil Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari uchun yoʻlga qoʻyilgan “Olimpik” loyihasi bir qator yutuqlarga erishdi. Timur Kapadze boshqaruvidagi klub bir mavsumning oʻzida Superliga yoʻllanmasini qoʻlga kiritib, koʻplab yosh iqtidorlarni kashf qilib berdi. Asosi ushbu klub futbolchilaridan tashkil topgan Oʻzbekiston U23 terma jamoasi 2022-yil Toshkentda oʻtgan Osiyo kubogida finalgacha yetib bordi. Yana bir necha haftadan keyin Qatar maydonlarida Parij-2024 yoʻllanmalari uchun uchun bahs olib boradi. Ayni ushbu tajribaning davomi sifatida Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻlida “Olimpik Mobiuz” jamoasi tuzildi.

Klub Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-115-son Qarori ijrosini taʼminlash, xususan, Parij-2024 va Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻradigan jamoalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Jamoa asosini 2005-2007-yillarda tugʻilgan yosh futbolchilar tashkil qiladi. Boshqaruv Oʻzbekiston U20 terma jamoasining bosh murabbiyi Farhod Nishonovga topshirildi.

“Olimpik Mobiuz” ilk uchrashuvini bugun oʻz maydonida “Xorazm”ga qarshi oʻtkazadi. Darvoqe, ushbu jamoamiz uy uchrashuvlarini “Doʻstlik” stadionida oʻtkazadi. Yangi mavsumda yosh jamoamizga omad tilaymiz!

Text to speech