8 Iyun 2021 1667

Alpinistimiz davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi

1 iyun kuni Everest cho‘qqisiga ko‘tarilgan hamyurtimiz Sergey Denisenko poytaxtimizga qaytib kelgach hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Bugun uning ushbu muvaffaqiyati sharafiga katta tadbir bo‘lib o‘tdi.

Alpinistimizni qutlash uchun o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov, shuningdek, keng sport jamoatchiligi va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Marosimda so‘zga chiqqan rasmiylar hukumatimiz tomonidan ommaviy sport va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga qaratilayotgan eʼtibor xususida alohida to‘xtalib o‘tishdi.

Alpinistimizning yurtimiz dovrug‘ini yana-da tanitgani uchun Abdujabbor Abduvohidov “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonini, Sherzod Asadov esa Prezident sovg‘asi – “Trailblazer” avtomashinasi va uning kalitini Sergey Denisenkoga topshirishdi. O‘z navbatida alpinistimiz taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Alpinizmga qiziqishim ona vatanimizning boy tabiati, undagi baland tog‘larning viqorlari sababdir. Cho‘qqini zabt etish uchun 1.5 yil tayyorlandim. Ushbu muvaffaqiyatimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi va O‘zbekiston xalqiga bag‘ishlayman. Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilgan bunday eʼtibordan mamnunman”, – dedi qahramonimiz.

Turizm va sport vazirligiga yig‘ilgan mutasaddilar hamyurtimizni qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat bilan qutlab, uning kelajakdagi faoliyatida yana-da ulkan zafarlar tilab qolishdi.

Text to speech