6 Dekabr 2023 686

Yoshlar siyosati va sport vazirligining navbatdagi Hayʼat yig‘ilishi tanqidiy ruhda o‘tdi

Bugun Adham Ikramov boshchiligida Yoshlar siyosati va sport vazirligining navbatdagi Hayʼat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda, shuningdek, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbariyati, Vazirlik tizimidagi hududiy bo‘limlarning vakillari ishtirok etishdi. Sport federatsiya va assotsiatsiyalarining masʼullari mazkur tadbirda MOQ Majlislar zalidan ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda qatnashdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan Hayʼat yig‘ilishida Adham Ikramov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmalari asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor vazifasi inson qadrini ulug‘lash ekanligini taʼkidlab, o‘tgan yildan boshlab, har chorakda sohaga oid eng muhim topshiriqlarning ijrosini reyting orqali baholash tizimi yo‘lga qo‘yilganligi, bu tizimdagi xodimlarining masʼuliyati va ish samaradorligiga baho berishga yetarli bo‘layotganligiga to‘xtaldi.

Yig‘ilish davomida Respublikamizda ommaviy sport targ‘ibotini kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan “Besh tashabbus Olimpiadasi” loyihasining yangi bosqichini yana-da takomillashtirish bo‘yicha fikrlar ilgari surildi. O‘z navbatida, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ham muhokama qilinib, ularni bartaraf etish choralar ko‘rildi va bu borada ijrochilarga kerakli topshiriqlar berildi.

Tadbirda terma jamoalarimizning professional sportda erishayotgan yutuqlari tahlil qilib o‘tildi. Xususan, joriy yil davomida o‘tgan II MDH o‘yinlari, Osiyo va Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining qayd etgan yuqori natijalari tilga olindi. Mazkur musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilgan sportchilarning viloyatlar kesimidagi tahliliga alohida to‘xtalib o‘tildi. Natijadorligi past bo‘lgan hududlarning masʼullariga seleksiya ishlarini kuchaytirish bo‘yicha qatʼiy ko‘rsatmalar berildi.

A.Ikramov Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, shuningdek, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo va Para Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha ham fikr bildirdi. Vazir har bir terma jamoaning litsenzion musobaqaga puxta hozirlik ko‘rishi uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. O‘z navbatida, federatsiyalar masʼullari olib borilayotgan o‘quv-mashg‘ulotlar, sportchilarning holati haqida maʼlumot berishdi.

Yig‘ilish davomida yuklatilgan vazifalar ijrosida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan ayrim tizim xodimlari lavozimidan ozod etildi. Baʼzi xodimlar esa jiddiy ogohlantirildi.

Text to speech