1 Noyabr 2023 2365

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi qitʼamizda eng yaxshi deb topildi

Qatar poytaxti Doxa shahrida Osiyo futbol konfederatsiyasining (OFK) “AFC Annual Awards” yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Quvonarlisi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi “Yilning eng yaxshi futbol assotsiatsiyasi” nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Qayd etish joiz, oʻtgan davr mobaynida mamlakatimiz qitʼa miqyosidagi turli tadbirlarga yuqori saviyada mezbonlik qildi. OFK bilan Yurtimizda futbol rivoji borasida koʻplab loyihalarni amalga oshirdi. Xususan, tarixda ilk bor U-23 va U-20 Osiyo chempionatlari, shuningdek, OFKga aʼzo assotsiatsiyalar prezidentlari va Bosh kotiblari konferensiyasi mamlakatimizda oʻtkazildi. Qitʼa miqyosidagi turli saralash bahslari, klublar oʻrtasidagi turnirlar, ayollar futboli, CAFA musobaqalarida OʻFA faollik koʻrsatdi. Ushbu saʼy-harakatlar OFK tomonidan munosib eʼtirof etildi.

Sovrinni MOQ raisining birinchi oʻrinbosari, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov qabul qilib oldi. Qayd etish joiz, mazkur nominatsiyada OʻFA Eron futbol federatsiyasi va Yaponiya futbol assotsiatsiyalarini ortda qoldirishga erishdi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va uning ahil jamoasini ushbu sovrin bilan samimiy qutlaydi.

Text to speech