29 May 2021 1760

Ular Tokioga borishadi: Qoraqalpoq gavhari Zaynab Dayibekova

“Ular Tokioga borishadi” sahifamizni davom ettiramiz. Bugun sizlar bilan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan eng yosh sportchilarimizdan biri, qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha Olimpiada litsenziati, Zaynab Dayibekova haqida gaplashamiz.

Zaynab Kazbekovna Dayibekova 2002 yil 19 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. 2015 yildan qilichbozlik bilan shug‘ullanib keladi. Birinchi murabbiyi Daurbek Jiyemuratov.

2015 yil o‘tgan Respublika chempionatida 3-o‘rinni egalladi. Bu uning mazkur sportdagi ilk katta muvaffaqiyati bo‘ldi. 2016 yildan Milliy terma jamoa tarkibiga qabul qilindi.

2017 yilga kelib mamlakat chempionatida kattalar toifasida ham chempionlikka sazovor bo‘ldi. Xalqaro arenalardagi yutug‘i esa 2018 yilga to‘g‘ri keladi. BAAda o‘tgan Osiyo chempionatida Dayibekova jamoaviy yo‘nalishda bronza medaliga ega chiqdi.

2018 yil Toshkentda o‘tgan yoshlar o‘rtasida Jahon kubogida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kelgusi yil poytaxtimizda o‘tgan mazkur musobaqada esa chempionlikni tantana qildi. Shundan so‘ng Xalqaro toifadagi sport ustasi darajasiga erishdi.

Joriy yilning aprel oyida Toshkentda o‘tgan Osiyo-Okeaniya litsenzion musobaqasidagi g‘alabasi orqali Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan.

Text to speech