29 May 2021 1677

Osiyo chempionatiga tayyorgarlik avjida

4-6 iyun kunlari poytaxtimiz sambo bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Taekvondo WT assotsiatsiyasi bazasidagi “Universal” sport saroyida musobaqa tashkiliy qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishni Tashkiliy qo‘mitaning raisi, O‘zbekiston turizm va sport Vazirining o‘rinbosari, Avaz Karimov olib bordi. Unda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, Osiyo sambo uyushmasi raisi Alamjon Mullayev, Osiyo sambo uyushmasi bosh direktori Suresh Goopi, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov, shuningdek, Milliy Gvardiya, bir qator vazirlik va boshqa idoralar mutasaddilari vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 27 may kuni 31-31/1-198-son bayonnomasida qayd etilgan 2021 yil Sambo bo‘yicha Osiyo chempionatini yuqori saviyada o‘tqazish bo‘yicha barcha masalalar ko‘rib chiqildi, savol va takliflar kiritildi va kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Chempionat xalqaro miqyosda tashkil etilishini inobatga olib, uni yuqori saviyada o‘tkazish kerakligini alohida taʼkidlab o‘tildi.

Ayni paytda O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi ushbu qitʼa birinchiligini tashkil etish bo‘yicha qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Musobaqaga nafaqat tashkiliy tomonlama, balki sportchilarimizning tayyorgarligi ham kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda. Ayni paytda terma jamoamiz aʼzolari Chirchiq shahridagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etishyapti.

O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi matbuot xizmati

Text to speech