27 May 2021 2015

O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov Milliy terma jamoa vakillari bilan uchrashdi

Xabaringiz bor, iyun oyida futbol bo‘yicha JCH-2022 hamda OK-2023 qo‘shma saralash bahslari doirasida terma jamoamiz joy olgan guruhning qolgan o‘yinlari Saudiya Arabistonida markazlashgan tarzda bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Singapur, Yaman va Saudiya Arabistoni vakillariga qarshi o‘ynaydi.

Bugun safar oldidan O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov O‘zbekiston MTJ aʼzolari bilan uchrashdi. Unda, shuningdek, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, O‘zbekiston futbol faxriylari kengashi raisi To‘lagan Isoqov ham ishtirok etishdi. Futbolimiz rahbari Milliy jamoamiz oldida turgan musobaqalarning masʼuliyati, nomzodlarning asosiy tarkibga loyiqligini isbotlashi qanchalik zarurligi, har bir o‘yinga sidqidildan tayyorlanish lozimligi haqida gapirib o‘tdi.

 

Ijobiy natijaga erishish uchun O‘FA tomonidan barcha zarur sharoitlar taqdim etilishi taʼkidlandi. Jamoa yetakchilari ham ushbu bahslar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Samimiy ruhda o‘tgan suhbat yakunida Abdusalom Abdumavlonovich masʼuliyatli turnirda jamoaga omad tiladi.

O‘zbekiston MTJ ertaga so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun BAAga jo‘nab ketadi.

Text to speech