27 May 2021 2201

Kumushxon Fayzullayeva jahon chempionatining oltin va kumush medallariga ega chiqdi

Toshkentda davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining navbatdagi kuni terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda. Biroz avval hamyurtimiz Kumushxon Fayzullayeva -71 kg vazn toifasida jahon chempionligining 3 ta medaliga sazovor bo‘ldi.

Sportchimiz dast ko‘tarishda dastlab 103 kg natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Biroq siltab ko‘tarish mashqidagi murosasiz raqobatda amerikalik raqibasiga imkoniyatni boy berdi va ushbu mashq hamda ikki kurash yakuni bo‘yicha kumush medallarga ega chiqdi.

Yoshlar o‘rtasida JCh, Toshkent
Qizlar, -71 kg:
1. Olivia Rives (AQSh) – 229 (102+127) kg
2. Kumushxon Fayzullayeva (O‘zbekiston) – 225 (103+122) kg
3. Yevgeniya Guseva (Rossiya) – 222 (102+120) kg

Bellashuvlardan so‘ng MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov Kumushxon Fayzullayeva hamda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasini qo‘lga kiritilgan ushbu muvaffaqiyat bilan qutlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘smirlar toifasida bo‘lishiga qaramay Kumushxon bundan 3 yil muqaddam Toshkentda o‘tgan ushbu musobaqada g‘alaba qozongan edi. Bugun kechki dasturda medallar uchun da’vogar vakillarimiz Muhammadqodir Toshtemirov hamda Hojiakbar Olimov -81 kg vazn toifasi chempionligi uchun bahs olib borishadi.

Text to speech