27 May 2021 2113

Ular Tokioga borishadi: Yigirma ikki yoshida ikkinchi Olimpiadasiga tayyorlanayotgan Nigora Tursunqulova

Mahoratli taekvondochimiz Nigora Tursunqulova “Ular Tokioga borishadi” loyihamizning bugungi qahramoni bo‘ladi. Ushbu maqolamizda Tursunqulovaning faoliyatiga oid qiziqarli maʼlumotlarni keltirib o‘tamiz.

Nigora Akmal qizi Tursunqulova 1999-yil 4-aprel kuni Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Taekvondo sportiga akasi orqali qiziqib qolgan va hozirda terma jamoamizning yetakchi vakillaridan biri bo‘lib kelmoqda. Birinchi va hozirgi murabbiyi Dmitriy Xvan.

Nigora 2012-yil O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga qabul qilindi va shundan beri yoshlar, so‘ngra kattalar terma jamoasida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Faoliyati davomida qo‘lga kiritgan asosiy yutuqlaridan biri Rio-2016 Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki deyishimiz mumkin. 17 yoshida Olimpiya o‘yinlariga yo‘l olgan taekvondochimiz Rio-2016 Olimpiadasida delegatsiyamiz tarkibidagi eng yosh sportchi edi. Olimpiadada esa yosh bo‘lishiga qaramay chorak finalgacha yetib keldi.

2017-yil Boku shahrida o‘tgan Islom birdamligi musobaqasida bronza medali sohibi bo‘ldi. 2018 yil esa Osiyo chempionatida oltin, Osiyo o‘yinlarida bronza medalini delegatsiyamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi. 2019-yil Butunjahon harbiylar o‘yinlaridan kumush medal bilan qaytdi.

Sportdan tashqari ijtimoiy va boshqa sohalarda ham faol bo‘lgan taekvondochimiz hukumatimiz tomonidan “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

2021-yil may oyida Iordaniyaning Amman shahridagi litsenzion musobaqa orqali -67 kg vazn toifasida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.

Text to speech