20 May 2021 1873

Ular Tokioga borishadi: Olimpiya o‘yinlarida ikkinchi bor qatnashadigan Nikita Rafalovich

Taekvondo bo‘yicha terma jamoamiz aʼzosi Nikita Rafalovich “Ular Tokioga borishadi” loyihamizning bugungi qahramonimiz bo‘ladi. Tokio-2020 ikki karra jahon chempionati finalchisi uchun ikkinchi Olimpiada bo‘ladi.

Nikita Igorevich Rafalovich 1993-yil 10-oktyabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Taekvondo bo‘yicha Xalqaro toifadagi sport ustasi.

Nikita 2000-yildan Aleksandr Kim qo‘l ostida shug‘ullana boshlagan. Hozirgi murabbiyi Maksim Rafalovich (akasi). 2008-yil o‘smirlar, 2010-yildan kattalar bo‘yicha terma jamoa tarkibiga kirgan.

Taekvondochimizning xalqaro arenalardagi muvaffaqiyati 2014-yildan boshlandi. Shu yili dastlab Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida bronza, Incheonda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Terma jamoamiz uchun eng muvaffaqiyatli o‘tgan 2015-yilgi jahon chempionatida Nikita ham o‘z g‘alabalari bilan barchani xursand qilgan. Hamyurtimiz Chelyabinskda o‘tgan mazkur dunyo birinchiligida kumush medalga sazovor bo‘lgan edi.

2016-yil Filippinda o‘tgan Osiyo chempionatida yana bir kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng ushbu mamlakatda o‘tgan Rio-2016 litsenzion turnirida zafar quchib, ilk bor Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Braziliyada esa hamyurtimiz o‘ziga ulkan tajriba to‘pladi.

2017-yilgi jahon chempionatida Nikita yana bir bor finalga yetib keldi. Afsuski, bu gal ham qiluvchi jangda imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlandi.

2018-yil taekvondochimiz Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonib, delegatsiyamizning umumjamoa hisobida yuqori natija qayd etishida o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.

Raqamlar misolida olib qaraydigan bo‘lsak, Nikita Rafalovich jahon chempionatlarida 2 ta kumush, Gran-pri turnirlarida 3 ta bronza, “Katta dubulg‘a”da 1 ta bronza, turli qitʼaviy musobaqalarda 3 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lgan. Xalqaro taekvondo federatsiyasining (WT) 2020-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra eʼlon qilgan reytingi yakuni bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiadasiga yo‘llanma olgan.

Text to speech