19 May 2021 1750

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Paralimpiya oilasi vakillarini samimiy qutlaydi

Joriy yilning 18-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini imzoladilar. Mazkur qaror yurtimizda Paralimpiya sportini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida katta ahamiyatga ega. Uning qabul qilinishi yurtimiz aholisining har bir qatlamiga qaratilayotgan eʼtibor, ayniqsa, hukumatimiz tomonidan imkoniyati cheklangan fuqarolarimizning sportga bo‘lgan qiziqishlarini inobatga olgan holda ularga barcha sharoitlarni yaratib berish yo‘lida juda muhim qadamdir.

2016-yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XV Paralimpiya o‘yinlarida delegatsiyamiz 8 ta oltin, 6 ta kumush va 17 ta bronza, jami 31 ta medal qo‘lga kiritib, olamshumul natija qayd etdi. Bu esa o‘z navbatida, mamlakatimizda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sportga bo‘lgan qiziqishlarini yana-da oshirdi.

Ishonamizki, mazkur qaror bilan yurtimizda Paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanuvchilar soni ko‘payadi va sport turlarining geografiyasi yana-da kengayib, yurtimiz aholisining salomatligi mustahkamlanadi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasiga Qo‘mita darajasining berilishi munosabati bilan barcha Paralimpiya harakati ishtirokchilarini samimiy muborakbod etib, yurtimizda sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti yo‘lidagi hamkorlikni mustahkamlash, Prezidentimiz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston rivojiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida kuch-g‘ayrat, sihat-salomatlik va ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi jamoasi

Text to speech