16 Avgust 2023 1526

II MDH oʻyinlarining qahramonlari tantanali kutib olindi

Tunda Belarus Respublikasi mezbonlik qilgan II MDH oʻyinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Oʻzbekiston delegatsiyasi Vatanimizga qaytib keldi. Muzaffar sportchilarimiz dastlab Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Shundan soʻng delegatsiyaning barcha aʼzolari maxsus ajratilgan avtobuslarda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi tomon yoʻl olishdi. Tadbirning asosiy qismi Qoʻmita maydonida tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisi Achilbay Ramatov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov va uning oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, katta sport jamoatchiligi, yosh atletlarimizning ota-onalari va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Rasmiylar tadbirni ochib berishar ekan, Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlar sabab oʻzbek sportida kuchli avlod yetishib chiqayotgani, bugun ular qoʻlga kiritgan muvaffaqiyat mamlakatimiz sportining ertasi ishonchli qoʻllarda ekanidan darak berayotganini taʼkidlashdi.

Oʻz navbatida, yosh sportchilarimiz ham davlatimiz tomonidan ularga yaratib berilayotgan sharoitlar sabab mana shunday muvaffaqiyatlarga erishayotganlari, kelgusida bundanda katta marralarni zabt etish, yurtimiz bayrogʻini yanada yuqoriga koʻtarish uchun bor kuch va gʻayratlarini ishga solishlarini bildirishdi.

Esdatib oʻtamiz, MDH mintaqasidan tashqari yana 13 ta mamlakat vakillari ishtirokida kechgan murosasiz bellashuvlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi 28 ta oltin, 25 ta kumush va 53 ta bronza, jami 106 ta medal bilan umumjamoa hisobida Rossiya va Belarus mamlakatlaridan soʻng uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, umumiy va oltin medallar soni boʻyicha MDH oʻyinlarida avvalgi rekord yangilandi.

Mazkur natija yosh sportchilarimizdan kelajakda ham yuqori natijalar kutish mumkinligini koʻrsatdi. Unda ishtirok etgan sportchilarimizning aksariyati “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlarida qatnasha oladigan yosh toifasi vakillari boʻlib, ushbu MDH oʻyinlari ular uchun dastlabki sinov boʻldi.

Text to speech