Bugungi qahramonimiz – Oksana Chusovitina
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan “Ular Tokioda yurt sharafini himoya qilishadi” loyihasini davom ettiradi. Uning bugungi qismi o‘zbek va jahon sportining afsonasi Oksana Chusovitinaga bag‘ishlanadi.
Oksana Aleksandrovna Chusovitina 1975-yil 19-iyun kuni Buxoro shahrida tug‘ilgan. Jahonda sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p ishtirok etgan sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016). 1992-yil Barselonada o‘tgan Olimpiya o‘yinlari oltin medali sohibi, 3 karra jahon chempioni.
Oksana Chusovitina sport bilan shug‘ullanishni 8 yoshida boshlagan. Uzoq yillar davomida Svetlana Kuznetsova qo‘l ostida sport gimnastikasining sir-asrorlarini o‘rganib kelgan. 1990 yil terma jamoa aʼzosiga aylangan.
Tayanib sakrash, erkin mashq va parallel to‘sinlarda bir necha murakkab elementlar muallifi. Qahramonimiz Osiyo o‘yinlari va Osiyo chempionati g‘olibi, faoliyatini yakunlamasdan turib, gimnastikaning rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Xalqaro gimnastika shon-sharaf zalidan o‘rin olgan yagona sportchi hisoblanadi. U, shuningdek, sport gimnastikasida Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p ishtirok etgani uchun “Ginnesning rekordlari” kitobiga o‘z nomini yozdirib qo‘ygan.
2019-yil Germaniyaning Shtutgart shahrida o‘tkazilgan sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtiroki orqali Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Tokio Olimpiadasi Chusovitina uchun faoliyatidagi sakkizinchi Olimpiada bo‘ladi. Oksana Aleksandrovna faoliyati davomida quyidagi unvonlarga sazovor bo‘lgan:
1990-yil: Sobiq Ittifoqda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi
1992-yil: O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi
Davlat mukofotlari:
1996-yil: “Do‘stlik” ordeni
2001-yil: “Mehnat shuhrati” ordeni
2017-yil: “El-yurt hurmati” ordeni
2020-yil: O‘zbekiston iftixori faxriy unvoni