3 Iyul 2023 859

Yevropa o‘yinlarida o‘zbek milliy kurashining taqdimoti o‘tkazildi

Polshaning Krakov va Malopolska shaharlarida o‘tgan 3-Yevropa o‘yinlarida milliy sportimiz kurashning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirga ko‘hna qitʼaning 50 ga yaqin davlatidan sportchilar tashrif buyurdi. Taqdimot shaklidagi musobaqa Yevropa ochiq chempionati maqomida tashkil etildi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi hamda O‘zbekiston kurash federatsiyasi, shuningdek, yurtimizning Polshadagi elchixonasi hamkorligida o‘tkazilgan ochiq chempionatda yevropalik nomdor polvonlar ishtirok etdi. Tadbir avvalida kurash bo‘yicha o‘quv-seminar mashg‘ulotlari uyushtirildi. Unda polvonlar va ularning murabbiylariga kurash qoidalari, bellashuvlarni baholash tartibi tushuntirildi.

Bundan tashqari, tadbir davomida matbuot anjumani tashkil etilib, ommaviy axborot vositalariga kurashning dunyodagi rivoji, Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berildi. Mukofot jamg‘armasi 7000 yevrodan iborat musobaqa erkak va ayollar o‘rtasida mutlaq vazn toifasida bo‘lib o‘tdi. Yakunda g‘olib va sovrindorlar quyidagicha ko‘rinish oldi:

Erkaklar:

1. Viktors Resko (Latviya)
2. Aleksandr Kalabis (Serbiya)
3. Boban Danov (Shimoliq Makedoniya)
3. Vojcechkazimiyerz Kordya (Polsha)

Ayollar:

1. Sandra Liskum (Polsha)
2. Ranalda Zubaviseni (Litva)
3. Viktoria Boloxan (Belgiya)
3. Aleksandra Lorena (Ruminiya)

Text to speech