12 May 2021 2138

Kamonchilarimiz katta safar ostonasida

Ertaga kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun Turkiyaga jo‘nab ketadi. Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov safar oldidan terma jamoamiz vakillari bilan uchrashdi.

Rejaga ko‘ra, jamoamiz 17 iyunga qadar Antalyada bo‘ladi. Ushbu yig‘in terma jamoamizga 18-21 iyun kunlari Parijda o‘tadigan so‘nggi litsenzion musobaqaga tayyorgarlikning yakuniy bosqichi vazifasini o‘tab beradi. Suhbat davomida MOQ rahbari terma jamoamiz vakillari bilan yana bir bor suhbatlashib, ularning kayfiyati, ijtimoiy sharoiti bilan tanishdi. Qayd etish joiz, mazkur uchrashuvda federatsiya rahbariyati, murabbiylar shtabi, sportchilardan birining ota-onasi ham ishtirok etdi.

“Kamondan otish sportida yurtimiz tarixida Olimpiadaga yo‘llanma oladigan ilk sportchilar Sizlar bo‘lishingiz kerak. Muhtaram Prezidentimiz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonga yangi g‘alabalar taqdim qilish barchamizning maqsadimiz. Hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan bu borada zarur barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Buning uchun Sizlardan mashg‘ulot va musobaqalarda boringizni berishingizni so‘raymiz”, – dedi MOQ raisi.

Uchrashuv yakunida MOQ rahbari sportchi va murabbiylarga bo‘lajak safardan yorug‘ yuz bilan qaytishlarini tilab qoldi.

Text to speech